Mercedes-AMG Petronas F1 Team, McLaren va Pirelli xodimlari Bahraynda rejalashtirilgan testlar tugagach, mamlakat havo maydoni yopilgani sababli chiqib ketolmayapti, deya xabar beradi GPblog.
Bu holat Yaqin Sharqdagi mojaro kuchayishi fonida sodir bo‘ldi — Eron tomonidan Bahrayndagi harbiy obyektlarga raketa zarbalari berilganidan keyin havo harakati to‘xtatilgan. Hozir jamoalar va shinalar yetkazib beruvchilar xodimlarni evakuatsiya qilish yoki Avstraliyaga yuborish imkoniyatini izlamoqda, lekin hozircha bu amalga oshmayapti.
Xodimlar va haydovchilar xavfsiz hududda, mehmonxonalarda qolmoqda. Mahalliy hukumatlar uchun Formula-1 xodimlarini evakuatsiya qilish asosiy vazifa emas, shuning uchun vaziyat nazorat ostida bo‘lsa-da, havo harakati qayta tiklanish sanasi noma’lum. Ba’zi manbalarga ko‘ra, aviatsiya 7-martgacha qayta ochilmasligi mumkin.
