Oleksandr Usyk professional boksdagi faoliyatini qachon tugatishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
Og‘ir vaznda WBA, WBC, IBF va IBO kamarlariga ega bo‘lgan ukrainalik bokschi so‘zlariga ko‘ra, u yana taxminan bir yarim yil ringda qoladi.
“Yana bir yarim yil — va Usik… Men muxlislarim, murabbiylarim va 2012-yildan beri meni kuzatib kelayotgan barcha insonlar uchun maxsus video yozadigan kunni allaqachon belgilab qo‘yganman”, — dedi bokschi o‘zining USYK17 YouTube kanaliga bergan intervyusida.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi jang 20-iyul kuni Londondagi Wembley Stadiumda bo‘lib o‘tgan va unda Usik britaniyalik Daniel Duboisni 5-raundda nokaut bilan mag‘lub etgan. Ushbu jang mutlaq jahon chempioni unvoni uchun revansh bahsi edi.
