Racing Bulls rahbari Laurent Mekies asosiy Red Bull Racing jamoasining yangi piloti Isack Hadjar mavsumga tayyorgarlik borasida Liam Lawson yondashuvini takrorlaganini aytdi.
Mekisning so‘zlariga ko‘ra, Hadjar “Red Bull” bazasiga yaqin bo‘lish uchun darhol Angliyaga, Milton-Kins shahriga ko‘chib o‘tgan.
“U hozircha hammasini to‘g‘ri qilmoqda — o‘zini tutishi va yondashuvi professional darajada. U darhol Angliyaga ko‘chib o‘tdi, har ikki kunda Milton-Kinsdagi bazada bo‘lyapti va jamoa bilan yaqin aloqada ishlayapti. Saxirdagi ikki test oralig‘ida ham simulyatorga qaytdi — u hech narsani tasodifga qoldirmayapti”, — dedi Mekis (F1 Oversteer).
Eslatib o‘tamiz, Lawson ham o‘tgan mavsumni “Red Bull” safida boshlagan, biroq ikki poygadan so‘ng yana quyi jamoaga qaytgan edi. U 2019 yildayoq Milton-Kinsga ko‘chib o‘tgan va BBC’ga bergan intervyusida bunday yondashuv haftasiga 3–4 marta simulyatorda ishlash imkonini berganini aytgandi.
