Paris Saint-Germain Chelsea ustidan 5:2 hisobida yirik g‘alabaga erishdi. Qizig‘i shundaki, fransuz klubi o‘yinda beshta gol urgani bilan kutilgan gollar (xG) ko‘rsatkichi bo‘yicha hatto bitta golga ham “munosib” bo‘lmadi.
The xG Philosophy portali ma’lumotlariga ko‘ra, parijliklar 5 ta gol urgan bo‘lsa-da, ularning xG ko‘rsatkichi atigi 0,98 ni tashkil qilgan. Londonliklarda esa bu ko‘rsatkich 1,73 xG bo‘lgan, ammo ular faqat ikkita gol urishga muvaffaq bo‘lishdi.
Statistikaga ko‘ra, Luis Enrique shogirdlari raqib darvozasiga 9 ta zarba yo‘llagan va ulardan 8 tasi darvoza tomon aniq borgan.
Chelsea futbolchilari ham xuddi shuncha zarba bergan, biroq ulardan faqat 4 tasi Matvey Safonov qo‘riqlayotgan darvoza tomon aniq yo‘llangan.
