Rasman. Kannavaro – O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi - Sportxabarlari

Elektron pochta: info@sportxabarlari.uz

Kurs UZS: USD 11 963.23 +50.85 EUR 13 970.66 +97.50 RUB 155.35 +1.96

Rasman. Kannavaro – O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi

Italiyalik mutaxassis O‘zbekiston milliy jamoasini jahon chempionatiga tayyorlaydi.

Italiyalik 52 yoshli mutaxassis Fabio Kannavaro rasman O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.

«O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 3 karra Jahon chempionati ishtirokchisi, 2006 yilgi Jahon chempionati g‘olibi, yaqin o‘tmishning eng yaxshi himoyachilaridan biri, taniqli mutaxassis  Fabio Kannavaro bilan shartnoma tuzdi.

Italiyalik murabbiy jamoamizni AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida o‘tadigan Jahon chempionatiga tayyorlaydi», – deyiladi O‘FA bayonotida.

Murabbiylar shtabida Kannavaroga quyidagi mutaxassislar yordam beradi:

  • Aujyenio Albarella – yordamchi murabbiy (Yaponiya milliy jamoasi, «Yuventus», «Udineze» va «Dinamo Zagreb»da ishlagan);
  • Troize Fransesko – jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy («Benevento», «Udineze» va «Dinamo Zagreb»da faoliyat yuritgan);
  • Antonio Kimenti – darvozabonlar murabbiyi (Italiya yoshlar jamoasi, «Sampdoriya» va «Spal» klublarida ishlagan).

O‘FA xabarida yangi jamoa bilan shartnomaning boshqa tafsilotlari keltirilmagan, xususan, shartnoma muddati va moliyaviy jihatlari noma’lumligicha qolgan. Oldinroq rus nashrlarida Kannavaro va shtabining yillik maoshi miqdori 4 mln yevro atrofida bo‘lishi haqida xabar tarqalgandi.

Hozircha milliy jamoani 2025 yil yanvaridan buyon boshqarib turgan Timur Kapadzening keyingi faoliyati noma’lum bo‘lib turibdi, manbalar u yangi shtabdan o‘rin olishi haqida xabar tarqatgan.

Ma’lumot uchun, Kannavaro futbolchi sifatida Italiyaning qator klublarida, xususan, «Napoli», «Inter» va «Yuventus»da to‘p surgan, 2006-2009 yillarda Madridning «Real» klubi a’zosi bo‘lgan. U 2006 yilgi jahon chempionatida Italiya milliy jamoasi bilan g‘olib chiqqan, o‘sha mavsum yakunida «Oltin to‘p» mukofotini qo‘lga kiritgan. U hozirgacha ushbu mukofotga ega chiqqan yagona himoyachi bo‘lib qolmoqda.