Husanov qachon safga qaytishi ma’lum bo‘ldi! - Sportxabarlari

Elektron pochta: info@sportxabarlari.uz

Kurs UZS: USD 11 963.23 +50.85 EUR 13 970.66 +97.50 RUB 155.35 +1.96

Husanov qachon safga qaytishi ma’lum bo‘ldi!

Angliya Premer-ligasining sakkizinchi turida “Manchester Siti” chempionatning o‘rtamiyona, lekin har qanday raqibga syurpriz tayyorlay oladigan “Everton”ga qarshi muhim uchrashuv o‘tkazadi.

“Shaharliklar” o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida bo‘ladigan to‘qnashuvda g‘alaba qozonib, Evropa Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi kuchli to‘rtlikka kirishga urinib ko‘radi.

Ushbu bahs oldidan Xosep Gvardiola oldida kadrlar muammosi vujudga kelgan edi. Asosiy tarkibning bir necha vakili jarohatga yo‘liqqani bois muhim uchrashuvlarda jamoaga yordam bera olmadi.

Nufuzli manbalardan biri – standard.co.uk portali “Manchester Siti”da jarohatlar bilan bog‘liq vaziyatni o‘zgarib chiqib, etakchi o‘yinchilar qachon safga qaytishiga oydinlik kiritdi. Sports.uz portali ushbu ma’lumotlarni o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.

– “Manchester Siti” xalqaro tanaffusdan jarohatlanganlar bo‘yicha yaxshi xabarlar bilan chiqmoqda. Xosep Gvardiola kutayotgan o‘yinchilardan Rodri oxirgi jarohatidan keyin Ispaniya terma jamoasi tarkibida bir necha daqiqa o‘ynadi. Jarohati uzoqroq vaqtdan beri davom etayotgan bir necha muhim futbolchilarning ham maydonga qaytadigan payti yaqinlashib qolmoqda.

Frantsiyalik hujumkor futbolchi Rayan Sherki avvalgi turda “Brentford” bilan bo‘lgan g‘alabali o‘yin qaydnomasiga kiritilgan edi, biroq maydonda ko‘rinish bermadi. Sherki Xosep Gvardiola qaytishini eng ko‘p kutayotgan ijrochilardan biri hisoblanadi. Chunki jamoa chempionatning muhim pallasiga kirib boryapti.

Jarohati biroz jiddiyroq bo‘lib chiqqan Umar Marmush, Rayan Ayt-Nuri va Abduqodir Husanov haqida ham ijobiy xabarlar bor.

Rayan Ayt-Nuri

Yozda “Vulverxempton”dan transfer qilingan jazoirlik futbolchi avgust oyida “Etihad”da “Tottenxem”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda shikastlanganidan beri to‘p tepgani yo‘q. Rayan qatorasiga sakkizta o‘yinni o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ldi.

Jazoir milliy terma jamoasi chap qanot himoyachisini oktyabr oyidagi yig‘inga chaqirmagan bo‘lsa-da, Ayt-Nuri xalqaro tanaffusdan keyin “Manchester Siti” tarkibiga qaytishga tayyorligi aytilmoqda.

Umar Marmush

Sentyabr oyidagi FIFA kunlari Misr terma jamoasi safidagi uchrashuvda tizzasidan jarohat olgan hujumchi bir oydan ortiq vaqt davomida davolanishga majbur bo‘ldi.

Xosep Gvardiola Marmush oktyabr oyidagi xalqaro tanaffusdan avval safga qaytishini aytgandi. Amalda unday bo‘lib chiqmadi. Biroq so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Umar Marmush jarohatidan to‘liq foriq bo‘lgan va formasini tiklab olish uchun mashg‘ulotlarga kirishishga shay. Marmush 18 oktyabr kuni “Everton” bilan bo‘ladigan uchrashuvda maydonga tushishni istayapti.

Abduqodir Husanov

Xosep Gvardiolaning universal himoyachiga aylanib borayotgan Abduqodir Husanov qachon safga qaytishi haqidagi bashorati ham o‘zini oqlagani yo‘q. Pep o‘zbek himoyachisi uchta o‘yinni o‘tkazib yuborishini ma’lum qilgandi.

Bosh murabbiy taxminidan kelib chiqib, 21 yoshli legionerning 5 oktyabr kuni “Brentford” bilan bo‘lgan uchrashuv oldidan jamoaga qo‘shilishi kutilgandi. Ammo vaziyat kutilganidek oson hal bo‘lgani yo‘q.

Abduqodir Husanov xalqaro tanaffusgacha to‘liq tiklana olmadi va buning oqibatida O‘zbekiston milliy terma jamoasining Kuvayt va Urugvayga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarida ham qatnashmadi.

Shunga qaramay, Husanov hafta oxirida bo‘ladigan uchrashuvlar oldidan safga qaytadi. Bu himoyachi ham jamoadoshi Umar Marmush singari 18 oktyabrda “Everton” bilan bo‘ladigan bahsda maydonga tushish imkoniga ega, – deb yozdi standard.co.uk jurnalisti Oli Jent.

Angliya Premer-ligasining sakkizinchi turidan o‘rin olgan “Manchester Siti” hamda “Everton” o‘rtasidagi uchrashuv 18 oktyabr kuni Toshkent vaqti bilan 19:00 da boshlanadi.