Sobiq UFC chempioni Habib Nurmagomedov O‘zbekistonga keldi - Sportxabarlari

Elektron pochta: info@sportxabarlari.uz

Kurs UZS: USD 11 963.23 +50.85 EUR 13 970.66 +97.50 RUB 155.35 +1.96

Sobiq UFC chempioni Habib Nurmagomedov O‘zbekistonga keldi

UFS’ning sobiq mutlaq chempioni, aralash jang san’ati yulduzi Habib Nurmuhamedov O‘zbekiston Aralash jang san’ati assotsiatsiyasi taklifiga binoan Toshkentga keldi.  Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tashrif doirasida Habib “Jar” sport majmuasida joylashgan assotsiatsiya markaziy idorasi faoliyati bilan tanishdi. Majmuada taniqli sportchini O‘zbekiston Aralash jang san’ati assotsiatsiyasi raisi, Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari hamda Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, O‘zbekiston Aralash jang san’ati assotsiatsiyasi rahbariyati, O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylari hamda sportchilar kutib oldi.

Tashrif davomida Habib O‘zbekistonda aralash jang san’ati rivoji, sportchilar tayyorgarligi va infratuzilma bilan tanishdi. U sportchilar bilan uchrashuvda o‘z tajribasidan kelib chiqib tavsiyalar berdi hamda O‘zbekiston sport salohiyati yuqoriligini ta’kidladi:

“Hozirgi kunda O‘zbekiston boks sportida dunyoda yetakchilik qilib, eng ko‘p oltin medallarni qo‘lga kiritayotgan davlat sifatida timsollanib kelmoqda. Ishonamanki, agar o‘zbekistonlik yoshlarga boshqa sport turlarida, xususan aralash jang san’atida sharoit yaratilib, to‘g‘ri yo‘nalish berilsa, yaqin kelajakda dunyo sahnasida kuchli sportchilar orasida yetakchilik qilishadi“, deydi Nurmuhamedov uchrashuv chog‘ida.

Habib yosh sportchilar bilan muloqotda motivatsion so‘zlar aytib, ularga sportda intiluvchanlik va mehnatsevarlikka targ‘ib qildi.

Ma’lumot uchun, 36 yoshli Nurmuhamedov 2020 yilda amerikalik Jastin Getji ustidan g‘alaba qozonib, UFC’dagi faoliyatini tugatgan edi. Habib UFC’da o‘z hisobiga 29 ta g‘alaba yozdirib qo‘ygan va birorta jangda mag‘lub bo‘lmagan. Yaqin vaqtgacha u o‘z jamoasidagi ba’zi jangchilarga murabbiylik qildi.