O‘zbekistonning superog‘ir vazn toifasidagi professional bokschisi Bahodir Jalolov joriy yilning 14 noyabr kuni Toshkentdagi «Humo arena» majmuasida tashkil etiladigan prof boks oqshomida ringga chiqadi. Bu haqda sportchi o‘zining Instagram sahifasida ma’lum qilgan.
Ushbu kechada Jalolovning raqibi nigeriyalik bokschi Solomon Adebayo bo‘ladi. Adebayo hozirga qadar professional ringda 14 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozongan. Shuningdek, u 13 ta jangni muddatidan oldin yakunlagan.
Bahodir Jalolov esa shu paytgacha prof boksda 16 ta jang o‘tkazgan bo‘lib, barchasida gʻalaba qozongan. 14 ta g‘alabasini esa nokaut bilan qo‘lga kiritgan.
Eslatib o‘tamiz, Jalolov oxirgi bor 6 oktyabr kuni Sankt-Peterburgda o‘tgan «IBA Pro 10» turnirida rossiyalik Vitaliy Kuduxov bilan to‘qnash kelgan va sakkiz raundlik jangda ochkolar hisobiga ko‘ra g‘alaba qozongan edi.
