Kecha, 27 noyabr kuni Portugaliya U-17 terma jamoasi Qatarda o‘tgan 17 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida g‘olib chiqdi. 48 mamlakat ishtirok etgan turnir finalida portugaliyalik o‘smirlar Avstriyani 1:0 hisobida mag‘lub etib, musobaqada zafar quchdi.
Uchrashuv taqdirini yagona gol hal qildi. Portugaliyaga g‘alaba keltirgan golni o‘yinning 32-daqiqasida “Benfika” klubi tarbiyalanuvchisi Aniziu Kabral kiritdi va shu tariqa 20-marta tashkil etilgan ushbu kichik mundialda Portugaliyaga 17 yosh toifasidagi birinchi tarixiy chempionlikni taqdim etdi.
Turnir esa FIFA tomonidan ishtirokchilar soni kengaytirilgan va endi har yili o‘tkaziladigan formatga o‘tkazildi. Qatar ushbu yosh toifasidagi Jahon chempionatiga navbatdagi to‘rt yil davomida ham mezbonlik qiladi.
Shuningdek, Dohadagi uchinchi o‘rin uchun bahsda Italiya U-17 terma jamoasi Braziliya U-17 bilan 0:0 hisobidagi durangdan so‘ng penaltilarda 4:2 hisobida g‘alaba qozondi. Shu tariqa, Islom Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston U-17 terma jamoasini musobaqadan chiqarib yuborgan yevropaliklar turnirni bronza medallari bilan yakunladi.
