O‘zbekiston U-17 jamoasining sobiq bosh murabbiyi Islombek Ismoilov “Neftchi” klubida faoliyat boshladi - Sportxabarlari

Elektron pochta: info@sportxabarlari.uz

Kurs UZS: USD 11 963.23 +50.85 EUR 13 970.66 +97.50 RUB 155.35 +1.96

O‘zbekiston U-17 jamoasining sobiq bosh murabbiyi Islombek Ismoilov “Neftchi” klubida faoliyat boshladi

Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati “Neftchi” klubi yosh mutaxassis Islombek Ismoilov bilan rasmiy shartnoma imzolaganini ma’lum qildi.

Klub bayonotida qayd etilishicha, Marg‘ilonda tug‘ilgan Islombek Ismoilov yosh bo‘lishiga qaramay, milliy futbolimizda sezilarli yutuqlarga erishgan va istiqbolli murabbiylar safidan munosib o‘rin egallagan. Uning qo‘l ostidagi U-17 terma jamoasi zamonaviy futbol uslubi, intizomi hamda xarakteri bilan ajralib turib, mamlakat sharafini munosib himoya qilgan.

“Neftchi” oldiga qo‘yilgan asosiy vazifalar — “chempionlikni saqlab qolish va mustahkamlash, Osiyo Chempionlar Ligasi elit bosqichida muvaffaqiyatli qatnashish, jamoaning raqobatbardoshligini va uzluksiz rivojini ta’minlash” ekani ta’kidlangan.

Shu vaqtgacha klubni 2022 yildan beri Vitaliy Levchenko boshqarib kelar edi. Yakunlangan mavsumda u jamoa bilan uzoq kutilgan chempionlikni qo‘lga kiritdi hamda mavsumning eng yaxshi murabbiyi deb topildi.

Bungacha Namanganning “Navbahor” klubi milliy terma jamoaning sobiq bosh murabbiyi Timur Kapadzeni, Andijonning “Andijon” klubi esa sobiq bosh murabbiy Samvel Babayanni boshqaruvga taklif etgani ma’lum qilingandi.