Avvalroq, professional boksning super yarim o‘rta vazn toifasida O‘zbekistonlik sobiq jahon chempioni Isroil Madrimov 2026 yil yanvar oyida navbatdagi jangini o‘tkazishi haqida xabarlar tarqalgan edi. Endilikda ushbu jang yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar paydo bo‘ldi.
Boks insayderi Jalol Ahmedovning ma’lum qilishicha, “The Dream” laqabli Madrimov 24 yanvar kuni ringga chiqadi. U bu boradagi ma’lumotni bokschining menejerlaridan biri Alik Frolovdan aniqlashtirgan.
“Isroil Madrimovning 24 yanvar kuni jang qilishi haqidagi xabarlarni Alik Frolov bilan tasdiqladim. Uning aytishicha, Madrimov ushbu boks oqshomida albatta jang qiladi. Biroq raqib unchalik jiddiy bo‘lmaydi. Ushbu bahs jarrohlik amaliyotidan so‘ng Isroilning qay darajada tiklanganini tekshirish uchun test jangi sifatida o‘tkaziladi”, — deb yozdi Ahmedov o‘zining Telegram kanalida.
Ma’lumot uchun, aynan shu kuni Matchroom Boxing promouterlik kompaniyasi Las-Vegas shahrida boks oqshomini tashkil etadi. Turnirning markaziy jangida IBF kamari sohibi Raymond Muratalla chempionlik kamarini da’vogar Endi Kruzga qarshi himoya qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 30 yoshli Isroil Madrimov professional ringda hozirgacha 13 ta jang o‘tkazib, 10 g‘alaba, 2 mag‘lubiyat va 1 durang qayd etgan. U so‘nggi jangini 22 fevral kuni amerikalik Virjil Ortizga qarshi o‘tkazib, ochkolar hisobiga ko‘ra mag‘lub bo‘lgandi.
