O‘zbekiston bayrog‘i ostida harakat qila boshlagan rossiyalik tennischi Polina Kudermetova 2026 yilgi mavsumdagi ilk musobaqasini Avstraliyada start oldi. U Kanberra shahrida bo‘lib o‘tayotgan WTA 125 toifasiga kiruvchi turnirda O‘zbekiston nomidan ilk rasmiy uchrashuvini o‘tkazdi.
22 yoshli Kudermetova turnirning 1/16 final bosqichida rossiyalik 18 yoshli Alina Korneevaga qarshi kortga chiqdi. 65 daqiqa davom etgan bahsda Polina ustunlikni to‘liq qo‘lga olib, 6/2, 6/3 hisobida ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Uchrashuv davomida Kudermetova 2 ta eys zarbasini amalga oshirdi, Korneeva esa 3 ta eys bilan javob qaytardi. Biroq xatolar sonida farq katta bo‘ldi — Alina 8 ta qo‘shxato qilgan bo‘lsa, Polinada bu ko‘rsatkich atigi 2 tani tashkil etdi.
Ma’lumot uchun, hozirgi vaqtda Polina Kudermetova WTA reytingida 167-o‘rinda, Alina Korneeva esa 210-pog‘onada joylashgan. Bu bahs tennischilarning o‘zaro ilk uchrashuvi sifatida ham tarixga kirdi.
Eng muhimi, ushbu g‘alaba Polina Kudermetova uchun O‘zbekiston nomidan o‘tkazilgan ilk rasmiy o‘yin bo‘lib, u yangi bosqichning muvaffaqiyatli boshlanishi sifatida qayd etildi
