Uimbldon—2022 chempioni, dunyoning 5-raqamli tennischisi Yelena Ribakina Brisben (Avstraliya) shahrida o‘tayotgan WTA-500 turniri chorak finaliga ishonch bilan yo‘l oldi.
U uchinchi bosqichda ispaniyalik Paula Badosani (WTA 25) 6:3, 6:2 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuv 1 soat 26 daqiqa davom etdi. Ribakina 3 eys qayd etib, birorta ham qo‘sh xato qilmagan va 8 breyk-poyntdan 5 tasini muvaffaqiyatli amalga oshirgan.
Chorak finalda Ribakina Karolina Muxova (Chexiya) va Yekaterina Aleksandrova (Rossiya) o‘rtasidagi bahs g‘olibiga qarshi kortga chiqadi.
