Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) tomonidan iqtidorli o‘zbekistonlik shaxmatchi Sarvinoz Begmuratovaga ayollar o‘rtasida FIDE sport ustasi (Woman FIDE Master — WFM) unvoni rasman berildi.
Sarvinoz ushbu nufuzli unvonni atigi 12 yoshida qo‘lga kiritib, O‘zbekiston shaxmati tarixida ayollar o‘rtasidagi eng yosh FIDE sport ustasi sifatida tarixga kirdi. Bu natija mamlakatimizda shaxmat sportining jadal rivojlanayotgani va yosh iqtidorlarga berilayotgan e’tiborning yaqqol namunasidir.
Ma’lumot uchun, bundan avval ushbu rekord 2019-yilda shaxmatchi Umida Omonova tomonidan o‘rnatilgan bo‘lib, u mazkur unvonga 13 yoshida sazovor bo‘lgan edi. Sarvinoz Begmuratova esa bu ko‘rsatkichni yana-da yaxshilab, yangi tarixiy natijaga erishdi.
Sarvinozning ushbu yutug‘i kelgusida yirik xalqaro musobaqalarda ham O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilishiga katta umid uyg‘otmoqda. Unga kelajakdagi musobaqalarda omad va ulkan zafarlar tilaymiz!
