«Liverpul»ning sobiq sardori va yarim himoyachisi Stiven Jerrard jamoa bosh murabbiyi Arne Slotning «Marsel»ga qarshi o‘yindan (3:0) keyingi fikrlarini keskin tanqid qildi. Slot joriy mavsumda barqarorlik yo‘qligini raqiblarning “past himoya bloki” bilan izohlagan edi.
— U past blok haqida doim gapirishni to‘xtatishi kerak. Bu holat mening o‘yinchilik davrimda ham, undan oldin ham bo‘lgan. Raqiblar har doim «Liverpul»ni to‘xtatishga urinadi. Muhimi — yechim topish. Senda bunga yetarli futbolchilar bor. Shunda past blokka qarshi o‘yinlar durang emas, g‘alaba bilan tugaydi. Dam olish kunlari «Bornmut»ga qarshi ham xuddi shunday vaziyat bo‘ladi. Jamoa shafqatsiz bo‘lishi, yetakchilar esa oldinga chiqib, gollar urishi kerak, — dedi Jerrard (Daily Mail).
Eslatib o‘tamiz, navbatdagi turda «Marsel» — «Bryugge» (28-yanvar), **«Liverpul» esa «Qorabog‘»**ga qarshi maydonga tushadi (28-yanvar).
