Niderlandiyaning Veyk-an-Zee shahrida o‘tkazilayotgan shaxmat bo‘yicha an’anaviy Tata Steel Chess 2026 musobaqasida bir kunlik tanaffusdan so‘ng 9-tur bahslariga navbat yetib keldi.
Turnirning eng kuchli shaxmatchilar jam bo‘lgan “Masters” guruhida dunyoning yetakchi 14 nafar grossmeysteri qatorida hamyurtlarimiz Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindarov ham bosh sovrin uchun kurash olib bormoqda.
9-tur oldidan Nodirbek Abdusattorov 5,5 ochko bilan musobaqa jadvalida peshqadam, Javohir Sindarov esa 5 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.
O‘zbek derbisi
Bugungi turning eng muhim voqealaridan biri — o‘zbek derbisi bo‘ladi. Unda Javohir Sindarov oq donalarda Nodirbek Abdusattorovga qarshi bahs olib boradi.
Agar Sindarov g‘alaba qozonsa, 6 ochko bilan yakka peshqadamga aylanib olishi mumkin. Durang qayd etilsa, har ikki shaxmatchi ham birinchi va ikkinchi o‘rinlarni saqlab qoladi.
Shuningdek, Hans Niman (AQSH), Yagiz Kaan Erdogmush (Turkiya) va Yorden van Foreest (Niderlandiya) 4,5 ochkodan jamg‘arib, Top-5 pog‘onasidan joy olib turibdi.
9-tur uchrashuvlari O‘zbekiston vaqti bilan soat 18:15 da start oladi.
