Argentina terma jamoasi hamda “Inter Mayami” klubi sardori Lionel Messi jarohat olgani rasman tasdiqlandi. Bu haqda klub matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, argentinalik futbolchi chap son mushaklarining cho‘zilishidan aziyat chekmoqda. U ushbu jarohatni 8 fevral kuni Guayakil shahrida o‘tkazilgan mavsumoldi tayyorgarlik uchrashuvida olgan. O‘sha bahsda “Inter Mayami” Ekvadorning “Barselona” klubiga qarshi maydonga tushib, 2:2 hisobida durang o‘ynagan edi. Messi esa uchrashuvda gol urib, yana bir golli uzatmaga mualliflik qilgan.
Klubning rasmiy bayonotida aytilishicha, futbolchi 11 fevral kuni o‘tkazilgan o‘yindan so‘ng mashg‘ulotlarda ishtirok etmagan. Tekshiruvlar natijasida chap son mushagining cho‘zilgani tasdiqlangan.
“Messining mashg‘ulotlarga bosqichma-bosqich qaytishi uning klinik va funksional tiklanishiga bog‘liq. Tiklanish jarayoni yaqin kunlarda baholanadi”, — deyiladi klub xabarida.
Eslatib o‘tamiz, 38 yoshli hujumchi 2023 yildan buyon “Inter Mayami” safida to‘p surmoqda. 2025 yil dekabr oyi boshida u jamoasi bilan birgalikda MLS chempionligini qo‘lga kiritgan edi.
