Chexiya Paralimpiya qo‘mitasi Paralimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etmaslik haqida qaror qabul qilganini rasman e’lon qildi. Bunga Rossiya va Belarus sportchilarining musobaqalarga qo‘yilishi masalasi sabab bo‘lgan.
Tashkilot bayonotiga ko‘ra, ular boshidanoq ushbu davlatlar vakillarining xalqaro musobaqalarga qaytishiga qarshi bo‘lib kelgan. Chexiya tomoni fikricha, Ukrainadagi davom etayotgan mojaro sharoitida sport qadriyat va prinsiplarni e’tiborsiz qoldirmasligi kerak.
Shu bilan birga, boykot faqat tantanali ochilish marosimiga taalluqli. Chexiyalik para-sportchilar musobaqalarning o‘zida qatnashadi va o‘z yo‘nalishlarida startga chiqadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina delegatsiyasi ham ochilish marosimida ishtirok etmasligini ma’lum qilgan edi.
