Shanxay Masters musobaqasi bu yil haqiqiy sinovga aylangan — issiq va namlik tufayli ko‘plab tennischilar turnirdan chiqib ketishmoqda. Shu paytgacha yetti nafar sportchi sog‘lig‘i sabab o‘yinni to‘xtatgan, jumladan, o‘tgan yilgi chempion Yannik Sinner ham.
Taylor Fritz va Aleksandr Zverev ham issiq va charchoq sabab mag‘lub bo‘lishgan. Daniil Medvedev esa bu sharoitni “hamma uchun teng imkoniyat” deb baholagan:
“Men uchun +28 darajada o‘ynash og‘ir, boshqalar uchun esa +35. Bu yerda hammaga qiyin – demak, men teng sharoitdaman,” – dedi Medvedev.
Ammo asosiy favorit — Novak Jokovich — ham bu issiqqa bardosh berishda qiynalmoqda. Yakshanba kuni u Yannik Hanfmann bilan o‘yinda ikki marta qusdi, biroq baribir g‘alaba qozondi.
U seshanba kuni yana og‘ir sinovga duch keldi — Xaume Munyarga qarshi 3 soatlik jangda serb tennischi 6:3, 5:7, 6:2 hisobida g‘alaba qozondi. Birinchi setda oyoq tovonidagi og‘riq sabab tibbiy tanaffus oldi. Ikkinchi setda esa o‘yin vaqtida to‘satdan qusdi — va hatto maydonni o‘zi tozalab qo‘ydi.
Ikkinchi set oxirida u deyarli yurishga ham qiynalayotgan edi, ammo baribir agressiv o‘yin uslubini davom ettirib, tomoshabinlarni hayratda qoldirdi.
Partiyani yo‘qotganidan so‘ng esa charchoqdan kortga quladi, lekin uchinchi setda o‘zini qo‘lga olib, nihoyat g‘alaba qozondi.
Shunday qilib, Novak Jokovich nafaqat raqiblarini, balki o‘zi bilan kurashda ham g‘alaba qozonayotganini yana bir bor isbotladi
