Gulshan Alimardonova — O‘zbekiston tarixida jahon chempioniga aylangan ilk ayol karatechi - Sportxabarlari

Elektron pochta: info@sportxabarlari.uz

Kurs UZS: USD 11 963.23 +50.85 EUR 13 970.66 +97.50 RUB 155.35 +1.96

Gulshan Alimardonova — O‘zbekiston tarixida jahon chempioniga aylangan ilk ayol karatechi

Misrning Qohira shahrida 27–30 noyabr kunlari o‘tkazilgan karate bo‘yicha jahon chempionatida -50 kg vazn toifasida ishtirok etgan Gulshan Alimardonova tarixiy yutuqqa erishdi. U final bahsida malayziyalik Shahmalarani Chandranni 6:1 hisobida mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Sport vazirligi mazkur g‘alabani “tarixiy voqea” deb atar ekan, Alimardonovaning jahon chempioniga aylangan ilk o‘zbekistonlik ayol karatechi bo‘lgani alohida ta’kidlandi.

Bungacha karate bo‘yicha jahon chempionatlarida O‘zbekiston nomidan faqat Dastonbek Otabolayev oltin medalni qo‘lga kiritgan edi.

Gulshan Alimardonova bu yil bir necha nufuzli musobaqalarda ham muvaffaqiyat ko‘rsatgan:
— noyabr oyida Ar-Riyoddagi Islom birdamlik o‘yinlarida kumush medal;
— oktyabrda Ozarbayjonda o‘tgan III MDH o‘yinlarida oltin medal;
— bundan tashqari, O‘zbekiston va Xitoyda o‘tkazilgan qit’a birinchiliklarida ikki karra chempionlik;
— Fujayrada yoshlar ligasida bronza medal.

Xalqaro karate federatsiyasi (WKF) reytingiga ko‘ra, Alimardonova 300 dan ortiq sportchi ichida 1737,5 ochko bilan 15-o‘rinda turibdi.

19 yoshli sportchi hozirgacha 37 ta jang o‘tkazgan bo‘lib, ulardan 78,38 foizida g‘alaba qozongan. Malayziyalik finaldagi raqibi esa reytingda 11-pog‘onada joylashgan.