Birinchi o‘rta vazn toifasida sobiq jahon chempioni Isroil Madrimov navbatdagi jangini dominikalik bokschi Luis David Salazarga qarshi o‘tkazadi. Bu haqda Matchroom Boxing promouterlik kompaniyasi ma’lum qildi. Bokschilar 24 yanvar kuni ringga chiqadi. Boks oqshomi AQShning Las-Vegas shahridagi Fontainebleau arenasida bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, Madrimov 2025 yil fevral oyida Vergil Ortisga qarshi jangda hakamlarning bir ovozdan qarori bilan mag‘lub bo‘lgach, chap tizzasi va chap yelkasidan jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan edi. Bu mag‘lubiyat Isroil uchun ketma-ket ikkinchisi bo‘ldi — u 2024 yil avgust oyida Terens Kroufordga ham yutqazgandi.
Hozirga qadar Isroil Madrimov hisobida 10 ta g‘alaba, 2 ta mag‘lubiyat va 1 ta durang bor. Luis David Salazar esa professional faoliyatida 20 ta g‘alaba va 1 ta mag‘lubiyat qayd etgan.
