Engil vazn toifasida PFL chempioni, hozirga qadar mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan rossiyalik aralash yakkakurash ustasi Usman Nurmagomedov YouTube’dagi Home of Fight kanaliga intervyu berdi. Suhbat davomida u Rossiya MMAsi tarixidagi eng kuchli besh nafar jangchi haqidagi savolga ham javob qaytardi. Usman Nurmagomedov o‘z shaxsiy reytingini quyidagi tartibda joylashtirdi:
Rossiya MMAsi tarixidagi Top-5 jangchilar:
- Xabib Nurmagomedov
- Islam Maxachev
- Fyodor Emelyanenko
- Umar Nurmagomedov
- Pyotr Yan
Shuningdek, Usman Nurmagomedov Aleksandr Shabliy nomini ham alohida tilga olib, uni ushbu ro‘yxat atrofida bo‘lishga loyiq jangchi sifatida e’tirof etdi.
Ma’lumot uchun:
Usman Nurmagomedov hozirda 27 yoshda. U professional MMA’dagi debyutini 2017-yilda o‘tkazgan. Bugungi kunga qadar u 20 ta jang o‘tkazib, barchasida g‘alaba qozongan. Uning ishtirokidagi yana bir jang texnik sabablar tufayli o‘tkazilmagan (no contest) deb topilgan.
Mutaxassislar Usman Nurmagomedovni Rossiya va jahon MMAsining eng istiqbolli yulduzlaridan biri sifatida baholamoqda.
