Fransiya terma jamoasining sobiq yulduzi, “Vest Hem” va “Marsel” klublarida o‘ynagan Dimitri Payet atrofida jiddiy mojaro yuzaga keldi. 2023–2025 yillarda Braziliyaning “Vasko da Gama” klubida to‘p surgan futbolchini sobiq sevgilisi zo‘ravonlikda aybladi.
The Sun nashriga ko‘ra, Larissa Ferrarri ismli ayol Payet uni jismoniy, ruhiy va jinsiy bosim ostida ushlab kelganini da’vo qilmoqda. Uning aytishicha, 2023 yilda tanishuv boshida futbolchi muloyim bo‘lgan, keyinchalik esa nazorat, haqorat va tahqirlashlar boshlangan. 2024 yil aprelida u Braziliya politsiyasiga murojaat qilgan.
Ferrarrining so‘zlariga ko‘ra, Payet uni kamsituvchi harakatlarga majburlagan va ruhiy manipulyatsiya qilgan. Shuningdek, u futbolchidan homilador bo‘lganini, ammo bolani yo‘qotganini ham aytgan.
Payet barcha ayblovlarni rad etmoqda. Hozirda u 2025 yil yozida “Vasko da Gama” bilan shartnomasi tugaganidan so‘ng klubsiz qolgan.
