Madridning “Real” klubi bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa jamoa hujumchisi Vinisius Juniorga bo‘lgan munosabatini bildirdi.
“U bizga yuz foiz kerak. Vinisius jamoa uchun juda muhim futbolchi va men uning baxtli, o‘yinga jamlangan hamda futbolidan rohatlanib o‘ynashini xohlayman. U mening to‘liq ishonchim borligini biladi — o‘zining barcha sehrini ko‘rsatish uchun erkinlikka ega. Men tribunalar uning tomonida bo‘lganini ko‘rdim: muxlislar uni qo‘llab-quvvatladi, ismini hayqirdi, hatto gol ura yozgan vaziyatda ham qarsak chaldi. U uchun muxlislarning mehrini his qilish juda muhim.
Vinisius bu yerga juda yosh kelgan va juda hissiyotli futbolchi. ‘Bernabeu’dagi talablar bilan yashash hech qachon oson bo‘lmagan. Agar bu stadion muxlislarini bir so‘z bilan ta’riflasak — bu adolat. Bugun tribunalar futbolchilarning mehnatini: gollar, kombinatsiyalar, fidoyilik va xarakterini munosib baholadi. Biz vaziyatni o‘zgartirishni maqsad qilgandik va futbolchilar buni eng yaxshi tarzda uddaladi”, — dedi Arbeloa.
Ma’lumot o‘rnida, Vinisius Juniorning “Real” bilan shartnomasi 2027 yil iyunigacha amal qiladi. Transfermarkt portali futbolchining bozor qiymatini 150 million yevroga baholamoqda.
