UEFA Chempionlar ligasining 2025/2026-yilgi mavsumi umumiy bosqich 7-turida «Slaviya» ustidan 4:2 hisobida g‘alaba qozonilgan o‘yindan so‘ng «Barselona» bosh murabbiyi Xans-Diter Flik yarim himoyachi Pedrining holatini izohladi.
23 yoshli ispaniyalik futbolchi uchrashuvda 61 daqiqa harakat qildi va jarohat sabab Dani Olmoga almashtirildi. O‘yindan keyin Pedri maydonni oqsoqlanib tark etdi.
— Afsuski, hozircha Pedrining ahvoli aniq emas. Uning son orqa qismida muammo borligi ko‘rinib turibdi. Tibbiy tekshiruvlarni kutamiz, — dedi Flik (Marca).
Shu bilan birga, Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, Pedrida tizza osti payi (hamstring) jarohati aniqlangan va u 9-martgacha maydonga tusha olmaydi.
Joriy mavsumda Pedri klub safida 25 ta o‘yin o‘tkazib, 2 ta gol urdi va 8 ta golli uzatma berdi. Futbolchining transfer bahosi 140 million yevro etib baholanmoqda.
