Agar «Liverpul» yanvarda chap qanot himoyachisi Endryu Robertsonni «Tottenhem»ga qo‘yib yuborsa, yozda mersisaydliklar Markaziy himoyachi Miki van de Venni sotib olishda ustuvor huquqqa ega bo‘lishi mumkin. Bu haqda TEAMtalk manbalarga tayanib xabar berdi.
Shu bilan birga, «Tottenhem» futbolchini arzonlashtirmoqchi emas — klub 24 yoshli van de Ven uchun kamida 100 mln funt (115 mln yevro) talab qiladi. Himoyachi jamoaning uzoq muddatli rejalarida muhim o‘rin tutadi.
Joriy mavsumda van de Ven barcha musobaqalarda 29 ta o‘yin o‘tkazib, 6 ta gol va 1 ta assist qayd etdi. Uning shartnomasi 2029 yil yozigacha amal qiladi. Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 65 mln yevro.
