Niderlandiyaning Veyk-an-Zee shahrida o‘tayotgan shaxmat bo‘yicha an’anaviy Tata Steel Chess 2026 musobaqasida 7-tur uchrashuvlari ortda qoldi.
Turnirning kuchlilar jam bo‘lgan “Masters” guruhida dunyoning yetakchi 14 nafar grossmeysteri qatorida hamyurtlarimiz — Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindarov ham bosh sovrin uchun bahs olib bormoqda.
Abdusattorovdan navbatdagi ishonchli g‘alaba
Quvonarlisi, kecha o‘tkazilgan 7-turda Nodirbek Abdusattorov turnirdagi to‘rtinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Hamyurtimiz qora donalarda o‘ynaganiga qaramay, reytingda o‘zidan biroz yuqorida turgan germaniyalik Vinsent Keymerni mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi.
Sindarov durang bilan 2-o‘rinni saqlab qoldi
Ikkinchi vakilimiz Javohir Sindarov ushbu turda navbatdagi durang natija qayd etdi. U oq donalarda amerikalik Hans Niemannga qarshi bahs olib bordi va tajribali raqibi bilan murosaga keldi. Natijada har ikki hamyurtimiz ham musobaqadagi mag‘lubiyatsiz yurishini davom ettirdi.
Jahon chempioni yana imkoniyatni boy berdi
O‘tgan turda Abdusattorovga yutqazgan amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju bu safar ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Mezbonlar vakili Anish Giri qora donalarda o‘ynab, jahon chempionini mag‘lub etdi.
Turnirning amaldagi chempioni, hindistonlik Rameshbabu Praggnanandha esa 7-turda germaniyalik Mattias Blubaum bilan durang natijaga rozi bo‘ldi.
Turnir jadvali (7-turdan so‘ng)
- Nodirbek Abdusattorov — 5,5 ochko (yakka peshqadam)
- Javohir Sindarov — 4,5 ochko (2-o‘rin)
- Hans Niemann, Yagiz Kaan Erdogmush, Vladimir Fedoseev, Yorden van Foreest — 4 ochko
- Gukesh Dommaraju — 3 ochko (9-o‘rin)
Tata Steel Chess 2026. 7-tur natijalari:
- Tay Dai Van Nguyen (Chexiya) — Vladimir Fedoseev (Sloveniya) 0,5–0,5
- Rameshbabu Praggnanandha (Hindiston) — Mattias Blubaum (Germaniya) 0,5–0,5
- Vinsent Keymer (Germaniya) — Nodirbek Abdusattorov (O‘zbekiston) 0–1
- Gukesh Dommaraju (Hindiston) — Anish Giri (Niderlandiya) 0–1
- Javohir Sindarov (O‘zbekiston) — Hans Niemann (AQSH) 0,5–0,5
- Yorden van Foreest (Niderlandiya) — Aravindh Chithambaram (Hindiston) 1–0
- Arjun Erigaisi (Hindiston) — Yagiz Kaan Erdogmush (Turkiya) 0–1
